Forum konsepsiyasi

ceramicforum.uz > Forum konsepsiyasi

Forumni o‘tkazish joyi: Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Xalqaro kulolchilik markazi.

O‘tkazilish vaqti: 2023 yil 21–23 sentyabr.

Tashkilotchilar: Farg‘ona viloyati hokimligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi.

Hamkorlar: Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021 yil 23 avgustdagi №5229-sonli Qaroriga asosan, 2023 yilning 21–23 sentyabr kunlari Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish hamda Forum doirasida “An’anaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi belgilandi.

Qisqacha ma’lumot: Dunyo xalqlari bozori iqtisodiyotida azaldan muhim tarmoq hisoblangan hunarmandchilikni keng targ‘ib qilish, jumladan, hunarmandchilikning asosiy yo‘nalishlari bo‘lgan kulolchilik an’analari va maktablarini saqlash, qayta tiklash, bu sohadagi ilmiy o‘rganish va izlanishlarni hamkorlikda amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish va mahorat darslari tashkil etish, ushbu sohadagi iqtidorli hunarmandlarni rag‘batlantirish.

Kulolchilik tarixi, maktabi va uslublari hamda mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rnini mukammal o‘rganish, kulolchilik sanoat darajasida taraqqiy etgan va ularning ulushi mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli foyda keltirayotgan davlatlar tajribalarini o‘rganish va yurtimizda tatbiq etish, yosh avlod qalbida ushbu san’atlarga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish maqsadida o‘tkazilayotgan forumda yurtimizning har bir hududidan kamida 200 nafar, shuningdek, 40 dan ortiq xorijiy davlatlardan eng tajribali iste’dodli usta kulollar, chinnipazlar va soha mutaxassislari ishtiroki kutilmoqda. Tadbirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Forumni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tashkiliy qo‘mita zimmasiga uni o‘z vaqtida va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish vazifasi yuklangan.

1. Forumni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va tashkiliy masalalar

Forum Tashkiliy qo‘mitasiga Forum doirasida ishtirokchilarni kutib oluvchi va kuzatuvchi, ishtirokchilarni mehmonxonaga joylashtiruvchi va transport bilan ta’minlovchi, ishtirokchilarni ovqatlantirishni tashkil etuvchi, tadbirlarni ommaviy-axborot vositalarida yorityvchi, madaniy dam olishni tashkil etuvchi, tarjimonlar va volontyorlar bilan ishlarni tashkil qiluvchi guruhlar tuzish vazifasi yuklatilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Forumni xalqimiz orasida yanada kengroq targ‘ib etish maqsadida respublikamizning barcha tuman (shahar)larida billbord, LED ekranlar, transport vositalari va yerosti o‘tish joylarida, yirik savdo markazlarida Forum reklamalarini joylashtirish nazarda tutilgan.

Forum o‘tkaziladigan joyni (Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan Forumni o‘tkazish uchun Rishton tumanidagi Halqaro kulollar markazi va Rishton tuman markazidagi istirohat bog‘i hududi va shu jumladan bino-inshootlarni) belgilash to‘g‘risida Farg‘ona viloyati hokimining tegishli qarori qabul qilinadi. Qarorda Forumda ishtirok etadigan mahalliy (respublikaning 14 ta hududi bo‘yicha har biriga alohida) hamda xorijlik hunarmandlar uchun alohida pavilonlar tashkil etishni, shuningdek, ko‘ngilochar tadbirlar, ovqatlanish shaxobchalari, avtoturargohlar va eko-hojatxonalar uchun alohida joy ajratish nazarda tutiladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va Energetika vazirligi tomonidan nufuzli landshaft dizaynerlarini jalb qilgan holda Forum doirasida Rishton tumanida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi, Forum o‘tkaziladigan hududda muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari soz holatga keltirilib va uzluksiz ta’minoti ta’minlanadi, jumladan, tungi yoritish chiroqlari ustunlari tartibga keltiriladi. Forum ishtirokchilarini mehmonxonalar bilan ta’minlash maqsadida Rishton tumanida va unga chegaradosh tuman (shahar)larda mavjud mehmonxonalardagi o‘rinlar soni xatlovdan o‘tkaziladi hamda mehmonxonalarda mehmonlarni qabul qilish quvvati yetarli bo‘lmagan (500 o‘rindan kam) taqdirda tashabbuskorlarni jalb qilgan holda Rishton tumaniida 8-50 o‘rinli yangi mehmonxonalar qurilishi ta’minlanish orqali 500 o‘rin qo‘shimcha yaratiladi. Forum davomida Rishton tumanida umumiy ovqatlanish xizmatlari to‘laqonli ko‘rsatilishini ta’minlash uchun Rishton tumanidagi mavjud umumiy ovqatlanish korxonalarining mehmonlarni qamrab olish imkoniyatlarini o‘rganib chiqiladi hamda zamon talablari asosida milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish xizmatlari ko‘rsatishni ta’minlash, zaruratga ko‘ra yangi kafe va restoranlar tashkil qilish choralarini ko‘rish belgilangan.

Farg‘ona viloyati hokimligi va Transport vazirligi tomonidan Forum davomida taksi xizmatlari ko‘rsatilishini uzluksiz ta’minlash maqsadida Rishton tumanidagi barcha taksi xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar parklari xatlovdan o‘tkazilib, ularning texnik tayyorgarlik holati o‘rganib chiqiladi. Zaruratga ko‘ra Farg‘ona viloyatining boshqa hududlaridan Rishton tumaniga taksi xizmati ko‘rsatuvchilarni safarbar qilish nazarda tutilmoqda. Tashabbuskorlarning taklifiga binoan ularga yo‘lovchi tashish transportlarini imtiyozli shartlarda sotib olishga (jumladan, kredit, lizing asosida olishga) ko‘maklashish belgilangan.

Farg‘ona viloyati hokimligi, Tashqi ishlar vazirligi va Transport vazirligi tomonidan mahalliy temiryo‘l bekatlari va aeroportlarda mehmonlarni munosib kutib olish va kuzatish maqsadida xorijdan tashrif buyuradigan Forum ishtirokchilarini mahalliy temiryo‘l bekatlari va aeroportlarda kutib olish va kuzatish bo‘yicha maxsus shtablar tashkil qilinadi. Mehmonlarni kutib olish joylarida Forum to‘g‘risida ma’lumotnomalar o‘rnatiladi. Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Forumga mo‘ljallangan alohida yangi turizm marshrutlari ishlab chiqiladi.

2. Madaniy-ma’rifiy tadbirlar

Forum tadbirlarini yuqori saviyada yoritish maqsadida Farg‘ona viloyati hokimligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi tomonidan Forum sayti yaratiladi va OAV sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazgan holda unda uch tilda muntazam axborotlar yoritib boriladi. Forumda ishtirok etishni istagan xorijiy davlatlar hunarmandlarining ushbu sayt orqali onlayn tarzda ariza topshirishlari va ro‘yxatdan o‘tishlari uchun imkoniyat yaratiladi.

Forum to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish maqsadida Madaniyat va turizm vazirligi, MTRK, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi tomonidan Forumni targ‘ib etuvchi reklama roliklari tayyorlanadi hamda barcha mahalliy telekanallarda muntazam namoyish qilib boriladi. Forum tashkilotchilariga O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari va konsullik idoralarini Forumni targ‘ib qiluvchi foto va videomateriallar bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, chet el OAVlari orqali sayyohlarni va hunarmandlarni Forumda ishtirok etishga undovchi targ‘ibot materiallarini namoyish etish belgilangan.

Forumda milliy hunarmandchilik namunalarining keng taqdimotini tashkil qilish uchun sharoitlar yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan har bir hududning o‘ziga xos kulolchilik maktablarini aks ettiruvchi hunarmandlar ko‘rgazmalari maketi tayyorlanadi. Forumda respublikaning barcha hududlaridan 200 nafardan kam bo‘lmagan kulol va soha vakillari ishtirokini ta’minlash nazarda tutilgan. Shuningdek, Forum kunlari milliy hunarmandchilikning kulolchilik yo‘nalishi bo‘yicha, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan milliy va xorijiy brend mahsulotlari ko‘rik-tanlovi, xorijiy va mahalliy kulol ustalari ishtirokida mahorat darslari, kulolchilik san’atiga oid ko‘rgazmalar, xalq sayillari, mamlakatimizning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi zamonaviy va kreativ usulda sahnalashtirilgan konsert dasturlari namoyishlari, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy kulolchilik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari namoyishlari, hunarmandchilikka oid badiiy, hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishlari, hududda faoliyat ko‘rsatayotgan mashhur kulolchilik ustaxonalariga ekskursiyalar, teatrlashtirilgan tomoshalar, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyishi tashkil etiladi.

Farg‘ona viloyati hokimligi va Madaniyat va turizm vazirligi tamonidan xorijlik mehmonlarni O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy hayoti bilan tanishtirish maqsadida yangi ekskursiya marshruti ishlab chiqiladi va ushbu marshrutga kiritilgan hududlarni va obidalarni obodonlashtirish va ta’mirlashishlari olib boriladi.

Xalqimizning madaniy va tarixiy hayoti, hunarmandlar turmush tarzini o‘zida aks ettiruvchi teatrlashtirilgan madaniy tadbirlar va konsert dasturlari ssenariylari tayyorlanadi hamda ssenariylarni yozish va sahnalashtirish jarayonlariga tajribali rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, teatr namoyondalari, san’at va madaniyat arboblari jalb etiladi. Forum kunlari Forum tadbirlari o‘tkaziladigan hududda bepul WI-FI zonalari tashkil etiladi. Shuningdek, Forum dasturi ishlab chiqiladi va u Forumdan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etiladi, internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi. Forum doirasida askiyachi va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlariga keng o‘rin ajratiladi. Forum kunlari xalq sayllari tashkil etiladi.

3. Forum tadbirlarini moliyalashtirish

Tashkilotchilar tomonidan Forum xarajatlari smetasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlangan smeta asosida xarajatlar uchun mablag‘larni oldindan to‘lash choralarini ko‘rish belgilangan. Forumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar tashkiliy qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda, 50 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zahira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 50 foizi – Farg‘ona viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Tashkilotchilar tomonidan O‘zbekiston hunarmandchiligi va amaliy san’atini targ‘ib etuvchi kitob-albomlar, hunarmandchilik mahsulotlari katalogi va disklari tayyorlanadi va ularni chop etish va ko‘paytirish bilan bog‘liq xarajatlar Forum smetasiga kiritiladi.

4. Ilmiy-amaliy konferensiya

Forum doirasida “An’anaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va yechimlar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiya kun-tartibidan yurtimizda va xorijda faoliyat ko‘rsatayotgan hunarmandchilik va amaliy san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va professorlar, san’atshunos, muzeyshunos, olimlar va fan arboblari, madaniyat va turizm sohasi namoyondalari ma’ruzalari o‘rin oladi. Turli davlatlarning hunarmandchilik uyushmalari rahbarlari, OAV xodimlari ishtirok etishi ham kutilmoqda. Shuningdek, YUNESKO va Jahon hunarmandlar Kengashi kabi xalqaro tashkilotlardan mutaxassis-olimlar jalb etiladi. Konferensiyada ishtirok etish istagini bildirgan xorijiy ishtirokchilar Forum o‘tkazilishidan 3 oy avval o‘z maqola va tezislarini, o‘zlari haqidagi qisqacha ma’lumot va fotosuratlarini ilova qilgan holda Forum tashkilotchilariga taqdim etadilar va tanlab olingan maqolalar alohida kitobcha holida nashr etiladi. Konferensiyada ishtirok etuvchi mehmonlarning barcha xarajatlari belgalangan tartibda Forum smetasiga kiritiladi hamda tashkilotchilar tomonidan qoplanadi. Forumda o‘z hisobidan ishtirok etish istagini bildirgan (ijodiy delegasiyaning 2 nafargacha a’zolaridan tashqari) kulolchilik tashkiloti vakillari, sohaning taniqli olimlari va mutaxassislar hamda faxriy mehmonlar tashkilotchilar takliflari asosida qatnashishi mumkin.